O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Buxorodagi byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshladi, deya xabar qildi Mehnat vazirligi matbuot xizmati.

1 avgust kuni Troll.uz blogi muallifi Umid Gafurov mahalliy hokimiyat bir oydan buyon byudjet tashkilotlari xodimlari va harbiy xizmatchilar hududida 18 ming qabr joylashgan «Xazrati Imom» qabristonida obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etganini xabar qilgan edi. Daryo.uz xabariga ko‘ra, keng miqyosli ishlarga 1000 nafardan ortiq kishi jalb qilingan.

Foto: Troll.uz / Facebook.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga hokim O‘ktam Barnoyev hududni ko‘zdan kechirayotganda «Xazrati Imom» qabristonining ayanchli ahvolda ekaniga e’tibor qaratgan. Ma’muriyat rahbari qarori bilan uchta qurilish kompaniyasiga rekonstruksiya bo‘yicha ishlarni o‘tkazish uchun mahalliy byudjetdan 500 mln so‘m ajratilgan.

O‘tgan yili Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining to‘qqizinchi anjumanida Buxoro Qohira (Misr) va Bamako (Mali) bilan bir qatorda 2020 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan edi. Shahar har ikki yilda bir marta bo‘ladigan islom davlatlari madaniyat vazirlari anjumaniga mezbonlik qilishi lozim.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati rekonstruksiya bo‘yicha ishlarida qancha odam ish olib borayotgani haqidagi savolga javob bera olmadi. «150 kishi ishlayotgan Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari jalb qilingan. Mehnat vazirligining yollanma ishchilarni jalb qilishi mumkin bo‘lgan Bandlik jamg‘armasi bor. Fotosuratdagi ayollar, ehtimol, ushbu fonddan. Masala o‘rganilmoqda», — dedi matbuot kotibi Olim Jo‘rayev.

Foto: Troll.uz / Facebook.

Matbuot xizmati rahbari Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari maxsus liboslarda ishlashi kerakligini, biroq liboslar hammada ham mavjud emasligini tan oldi. U byudjet tashkilotlari xodimlarining qabristonni obodonlashtirishga jalb etilganini rad etdi, biroq mahalla qo‘mitalari fuqarolardan hududni rekonstruksiya qilishda qatnashishni so‘raganini tan oldi.

«Qabristonda odamlarning ota-onalari, bobolari, momolari, qarindoshlari bor, shuning uchun iltimos qilindi, o‘z ulushini qo‘shish so‘raldi. Bundan tashqari, bu joy muqaddas hisoblanadi», — dedi hokimlik vakili.