O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bugun internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, «Jinoyatga moyil ayollarning 23 toifasi» sifatida alohida urg‘u qaratilayotgan ma’lumot bo‘yicha rasmiy axborot berdi.

«Aytish joizki, darhol omma e’tiborini tortib, aholida xavotir hissini uyg‘otayotgan (chindan ham, bunday xabar hech kimni befarq qoldirmaydi, albatta) bu ma’lumotlar aslida haqiqatdan mutlaqo yiroqdir!» — deyiladi qo‘mita matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Qayd etilishicha, joriy yilda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, poytaxt Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova boshchiligida 10 ta tumanda o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasiga ko‘ra, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika nozirlari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning (jinoyatchilikka moyillarning emas, barcha xotin-qizlarning) 23 ta toifa bo‘yicha elektron kartotekalarini shakllantirish vazifasi belgilab olingan.

Chunonchi, shu asosda 27 iyun kuni «Toshkent shahrida xotin-qizlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish, mavjud muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar» ishlab chiqilib, Toshkent shahar hokimi tomonidan imzolangan.

Mazkur qo‘shma qaror Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tayyorlangan bo‘lib, uning asl maqsadi jinoyatga moyil ayollarning 23 toifasini aniqlash emas, balki barcha xotin-qizlarning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyati hamda imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish, yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan hamda boshqa toifadagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishdan iboratdir.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarning internetda aytilayotgani kabi ro‘yxati tuzilishini qat’iyan qoralaydi va buni demokratiya tamoyillariga zid, deb hisoblaydi, deyiladi bayonotda.