O‘zbekistonda tariflarning oshirilishi korxonalarni zararsiz ishlash nuqtasiga yaqinlashtirish hamda xususiy investorlarni jalb qilishga yo‘naltirilgan, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hukumat qarori bilan 15 avgustdan respublikada benzin va dizel yoqilg‘isi, gaz va elektr energiyasi, ko‘mir, issiqlik va suv ta’minoti xizmatlari narxlari, shuningdek jamoat transportida yo‘l haqi miqdori oshiriladi. Bundan tashqari, elektr energiyasi iste’molining bazaviy normasi qisqartirilib, oshiriluvchi koeffitsiyent (me’yordan ortiqcha iste’molda) oshiriladi.

«Tariflarning oshirilishi, bu — milliy bozordagi narxlarni jahon narxlariga yaqinlashtirish emas, balki korxonalarning zararsiz ishlashi nuqtasiga, ularning mustaqil, davlat yordamisiz iqtisodiy xavfsiz mahsulotlar uchun strategik muhim ishlab chiqarish hajmlariga davlat yordamisiz erishish holatiga yaqinlashtirishdir», — deyiladi xabarda.

Moliya vazirligining qayd etishicha, narxlar past bo‘lgan holatda ushbu sohalarga xususiy investorlarni jalb qilishning imkoni yo‘qligi tariflarni investorlarga ishlab chiqarish quvvatlariga sarmoya kiritishga imkon beruvchi zararsiz ishlash nuqtasiga yaqinlashtirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ayni vaqtda oqibatlarni yumshatish uchun eng kam ish haqi miqdori 1 avgustdan 10 foizga oshirildi.

Vazirlik energiya resurslari tariflari o‘sishi bilan uy xo‘jaliklarining oylik xarajatlari qanchaga oshishiga misol keltirdi:

  • 300 kVt/so hajmda elektr energiyasi iste’mol qilinganida — 13,5 ming so‘mga;
  • 250 kub metr hajmda tabiiy gaz iste’mol qilinganida — 15 ming so‘mga;
  • oyiga 60 litr benzin sarflanganida — 30 ming so‘m.

Xarajatlar jami bo‘lib [taxminan] oyiga 58,5 ming so‘mga, bunda birlamchi mahsulotlar xarajatlari 28,5 ming so‘mga oshadi.

2019 yilning birinchi yarmida elektr energiyasi iste’moli tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, 83,5 foiz aholi oyiga 300 kVt/s dan kam energiya iste’mol qiladi, bunda bir abonentga o‘rtacha 95 kVs to‘g‘ri kelsa, qolgan 16,5 foiz aholi har oy o‘rtacha 1034 kVt/s energiya iste’mol qilmoqda.

2018 yilda xususiy uylarda oylik o‘rtacha tabiiy gaz iste’moli bir abonentga 250 kub metrni (346 kub metr xususiy, 44 kub metr ko‘p kvartirali uylarda) tashkil etdi.

«Ayni vaqtda respublikadagi energiya resurslari narxlari va tariflari ularni ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib berish xarajatlarini qoplamaydi», — deya qayd etdi Moliya vazirligi.