«Avtotest» kompaniyasi yuridik shaxslar haydovchilarini o‘qitish faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilindi.

«Biz jamoamiz bilan shu qarorga keldik. Bizning bosh maqsadimiz pul ishlash emasligini, bizda qadriyatlar boshqa ekanligini shu bilan namoyon etmoqchimiz. Biz odamlardan qing‘ir yo‘l bilan pul ishlashdan yiroqmiz», — deyiladi bayonotda.

Xabarda qayd etilishicha, «Avtotest» kompaniyasi paydo bo‘lganidan beri hali biror marta daromad olgani yo‘q. Hamma topilgan daromad faqat va faqat rivojlanishga, yangi zamonaviy maktablar barpo etish, dasturlar, yangi texnologiyalar yaratishga yo‘naltirildi. Bor kuch va mehnat asosiy bosh g‘oya — odamlar o‘limini kamaytirish, yo‘llarda tartib bo‘lishini ta’minlash va ushbu sohaning rivojlanishi uchun sarf etildi.

«Bizda qadriyatlar boshqa. Bizda tahsil olganlarning birortasi ta’lim sifatiga, metodiga, yaratilgan sharoitga e’tiroz bildira olmadi, hech bir o‘quvchi shikoyat qilmadi, qilolmaydi ham. Chunki biz xalq xizmati uchun jonimizni berib harakat qildik. Shu orqali biror bir inson hayotini saqlashga hissa qo‘shgan bo‘lsak, yo‘llarda bizning bitiruvchilarimiz ozgina bo‘lsa-da tartibli harakatlanayotgan bo‘lsa, shuning o‘zi bizga katta baxt. Bizning yutug‘imiz mana shu», — deyiladi bayonotda.

Kompaniya jamoasi «Avtotest» kompaniyasi yuridik shaxslar haydovchilarini o‘qitish faoliyatini to‘xtatishi, bundayon buyon faqat haydovchilarni tayyorlash, metodika va qo‘llanmalar yaratish bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi. «Biz tahqirlardan charchadik», — deya davom ettiradi jamoa.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 1 avgustdan e’tiboran yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar har ikki yilda «Avtotest Report» MCHJda malaka oshirishlari kerakligi to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tushuntirish берганэди.