15 avgustdan O‘zbekistonda tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek elektr energiyasi tariflari oshiriladi. Yoqilg‘i-energetika resurslari narx va tariflariga kiritilgan o‘zgartishlar Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi qarori bilan tasdiqlandi.

Aholiga yetkazib berilayotgan 1 m³ tabiiy gazning bahosi hisoblagich bo‘lganda 380 so‘mni (hozirda — 320 so‘m, o‘sish — 18,7 foiz) tashkil etadi. Hisoblagich bo‘lmaganda ovqat pishirish yoki sovuq suvni isitish uchun ishlatiladigan gazning narxi 660 so‘m (hozirda — 553, +19,3%), xonani isitish uchun esa 380 so‘m (hozirda — 320, +18,7%) etib belgilandi.

Maishiy iste’mol uchun aholiga sotilayotgan bir kilogram suyultirilgan gaz narxi hozirga 950 so‘m o‘rniga 1120 so‘m (17,8%) bo‘ladi.

Maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt·s elektr energiyasi narxi 250 so‘mdan 295 so‘mga (+18%) oshirilsa, boshqa toifadagi iste’molchilar uchun esa 450 so‘m etib belgilandi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar kuchga kirguniga qadar (ya’ni 15 avgustgacha) to‘lov avans bilan to‘langan taqdirda, aholi to‘lov to‘langan kundan keyingi 6 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga tarif o‘zgarganda qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi. Keyinchalik esa ushbu davr 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qisqartiriladi (hozirda — 6 oy).

Qarorda 15 avgustdan boshlab ko‘rsatilayotgan xizmatlar rentabelligi ta’minlanishi hisobga olingan holda issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlariga yangi tariflar joriy etilishi belgilandi.

Xuddi shu sanadan boshlab «O‘zbekko‘mir» va «Sharg‘unko‘mir» tomonidan ishlab chiqariladigan va aholiga sotiladigan ko‘mirning aholi va byudjet tashkilotlar uchun amaldagi chakana narxlar 10 foizga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga aholini, ayniqsa borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashovchi aholini, shuningdek byudjet tashkilotlarini ko‘mir mahsulotlari bilan, shu jumladan uni import qilish hisobiga ta’minlash topshirildi.

15 avgustdan, shuningdek, shahar yo‘lovchilar tashish trasnportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar bundan mustasno) yo‘lovchilar tashish xizmatlariga yangi tariflar o‘rnatiladi.

Gaz va elektr energiyasi tariflari so‘nggi bor o‘tgan yilning noyabrida oshgan edi. Narxlarni 1 iyundan oshirish rejalashtirilgan (taklif qilingan tariflar tasdiqlanganidan pastroq edi), biroq muddat kechiktirilgan edi.

1 avgustdan O‘zbekistonda eng kam ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar hajmi 10 foizga oshiriladi.