20019 yil 30 iyul kuni «Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning tarkibi tasdiqlandi.

Milliy komissiya Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalardan iborat.

Kichik komissiyalarga tegishliligi bo‘yicha Milliy komissiya raisi o‘rinbosarlari hisoblangan ichki ishlar vaziri va bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladi.

Davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNTlarning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish Milliy komissiyaning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalarga rahbarlik qiladi.

Farmon bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi.

Milliy ma’ruzachi odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi vaziyat haqida prezidentga har yili axborot taqdim etadi.