Joriy yilning birinchi olti oyi davomida korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln 665 mlrd 757 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan, tergov jarayonida ushbu zararning 1 trln 621 mlrd 503 mln so‘mi yoki 97,3 foizi undirilgan. Bu haqda Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boshqarmasi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Bosh prokuratura faqatgina pora berish va olish korrupsion jinoyat hisoblanmasligini ma’lum qildi. Mol-mulklarni o‘zlashtirish yoki talon-taroj qilish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlar ham hisobga olinadi.

O‘tgan yilning xuddi shu davri zarar miqdori 58,3 mlrd so‘mni (6,7 mln dollar) tashkil etib, uning 51,7 mlrd so‘mi (5,9 mln dollar) yoki 88,6 foizi undirilgan. Zarar miqdori qariyb 29 martaga oshgan.

Yil boshidan buyon jami 661 nafar (o‘tgan yilning shu davrida — 725) turli toifadagi mansabdor shaxslarga nisbatan 590 ta (1043) jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 398 ta jinoyat ishi bo‘yicha 537 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va qolgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlarning 250 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 48 nafari soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash, 71 nafari pora olish-berish yoki unda vositachilik qilish, 51 nafari firibgarlik, 23 nafari mansabni suiiste’mol qilish, 18 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 4 nafari mansabga sovuqqonlik, 7 nafari mansab soxtakorligi va 65 nafari boshqa jinoyatlari uchun javobgar bo‘lgan.

Qayd etish joizki, 5 oy yakunlari bo‘yicha prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risidagi brifingda korrupsiyadan ko‘rilgan zarar miqdori 35,7 mlrd so‘m (4,1 mln dollar) ekani ma’lum qilinganэди. Bundan ko‘rinib turibdiki, iyun oyining o‘zida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,63 tlrn so‘m (188,1 mln dollar) miqdorida zarar yetkazilgan.