Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universitetining arxiv mudiri G. M. fuqaro Z.N.dan uning o‘zini hamda tanishlari D.M. va M.Yu.ni mazkur universitetning «Tasviriy san’at» yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga har biri uchun 4.000 AQSH dollari talab qilib, jami 12.000 AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan G. M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, yuqoridagi kabi turli noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritishga va’da berib, ta’magirlik qilayotgan fuqarolar yoki mansabdor shaxslarga duch kelsangiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qisqa raqamli 10−07 yoki Departamentning 71−233−10−07 raqamli tunu-kun ishlovchi ishonch telefonlariga murojaat etishingizni so‘raymiz, deyiladi xabarda.