Endilikda Sirdaryo va respublikaning boshqa viloyatlaridan Qozog‘iston janubiy hududlariga jo‘natiladigan yuklar yangi ishga tushirilgan Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti orqali yuboriladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. Mazkur tutashuv punkti ishga tushirilishi bilan, sutkasiga qo‘shimcha 3 juft yuk poyezdi aylanmasiga zamin yaratadi.

«Bu davlatlararo tutashuv punktining ochilishi tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini qo‘shni davlatning janubiy hududlariga eksport qilishida qulaylik tug‘diradi. Ya’ni mahsulotlarning manziliga yetib borishiga kam vaqt sarflanadi, ish faoliyatini yanada rivojlantirishga imkon berdi, — dedi „Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli“ unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Elbek Shamsiyev».

O‘zbekiston bugungi kunda qo‘shni davlatlar, jumladan, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston bilan jami 20 koridor orqali temir yo‘l transportidan foydalanib, hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Ayni kungacha Qozog‘istonga Keles hamda Qoraqalpog‘iston davlatlararo tutashuv punktlari orqali yuklar rasmiylashtirilib, poyezdlar qatnovi amalga oshirib kelinayotgan edi. Shundan Keles davlatlararo tutashuv punktidan bir sutkada o‘rtacha 20, 22 yuk poyezdi O‘zbekistondan Qozog‘istonga va ushbu davlat orqali MDH mamlakatlariga jo‘natilayotgan bo‘lsa, sutka davomida yana shuncha yuk poyezdi mamlakatga qabul qilib olinadi.

Bugungi kunga qadar Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlaridan jo‘natilgan barcha yuklar Keles davlatlararo tutashuv punktiga keltirilib, «Qazaqstan temir joli» kompaniyasiga topshirilar edi. Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti ochilishi bilan masofa 110 kilometrga qisqardi. Punkt kunu tun faoliyat ko‘rsatadi.

«Qazaqstan temir joli» kompaniyasi Chimkent filialining yuk tashishlar bo‘yicha bosh muhandisi Saken Amirov Qozog‘iston Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti orqali O‘zbekistondan meva-sabzavotlar, poliz mahsulotlari va qurilish materiallarini sotib olib, neft mahsulotlarini sotishini ma’lum qildi.