Rishton tumanida uylar buzilib, daraxtlar kesilishi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlariga 27−28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 13562 nafar hasharchi jalb qilindi. Bu haqda O‘zA tuman shtabi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Hasharni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, prokuror Sadriddin Turdiyev, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov kuzatib bordi. Ular har bir qurilish ob’ektiga kelib, aholi bilan muloqot qildi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev velosipedda Rishtondagi ishlar bilan tanishmoqda. Foto: Telegram.

O‘zA maqolasida qayd etilishicha, tuman hududi orqali o‘tuvchi qariyb 40 kilometrlik yo‘l xalqaro ahamiyatga ega. Ushbu yo‘lni jahon andozalari talablari asosida mukammal darajada ta’mirlash birinchi galdagi ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan.

Hozirgi kunda tumanning shoh ko‘chalari asosini 25 metrga kengaytirish orqali bir tomonlama harakatlanish yo‘nalishida 3 tasmali harakat yo‘lagini tashkil etish, yo‘l atrofida zamonaviy infratuzilma xizmatlari, kommunikatsiya tarmoqlarini joylashtirish, landshaft arxitekturasi asosida obodonlashtirish ishlari olib borilyapti.

Yo‘l bo‘yida ikki qavatli aholi turar joylari, uylarning birinchi qavatida tadbirkorlik, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari qad rostlaydi. Bu borada yashash xonadonlari yo‘l kengayishi, qizil chiziq ustida joylashganligi, tumanning bosh rejasiga ko‘ra bir necha yil oldin buzilish ro‘yxati (snos)ga tushganligi sababli hozirda tumandagi 405 ta oilaga dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 25 milliard so‘m tovon puli (kompensatsiya) ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur jarayon aniq reja asosida davom ettirilmoqda, deya ma’lum qildi O‘zA.

Foto: O‘zA.

Agentlikning qayd etishicha, tumandagi uyi buzilishga tushgan har bir oilaga 5 ming donadan pishiq g‘isht, 2 tonnadan sement tarqatilyapti. Bu jarayonga viloyat miqyosida 1000 ta texnika vositalari jalb etilgan bo‘lib, yuk mashinasi sig‘imiga qarab 1,5−5 ming donagacha pishiq g‘isht aniq ro‘yxat asosida aholi xonadonlariga yetkazib berilyapti.

Shunga qarab tovon puli hajmi 10 million so‘mdan 300 million so‘mgacha berilyapti. Ba’zi oilalarga o‘z xohishiga qarab, tovon puli o‘rniga uy-joy qurish uchun qo‘shimcha yer maydoni ajratilyapti. Bugungacha Markaz MFYdan 70 ta, Uchariq MFYdan 100 ta oilaga o‘zlarining xohishi bo‘yicha tovon puli o‘rniga qo‘shimcha yer maydoni ajratib berildi.

Yaqin istiqbolda dehqon bozori o‘rnida 9 ta ko‘p qavatli uy hamda bir gektarda aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun istirohat bog‘i barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Viloyatning 11 ta shahar-tumanidan Rishtonga hasharchilar jalb qilingan bo‘lib, har bir tuman hokimi shtab tuzib o‘zi boshchilik qilib, bu yerdagi hasharchilarga sharoit yaratish, aholiga qurilishda yordam berish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqdalar.

Farg‘ona shaharliklar 3 ta ob’ektdagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga yaqindan yordamlashish maqsadida 4 ta sektor rahbarlari tashabbusi bilan 4550 nafar hasharchi, 5 ta avtomashina, 3 ta ekskavator, 1 ta greyder va 2 ta traktor texnikalari bilan hasharda qatnashishdi. Ushbu ob’ektlardagi qurilish va obodonlashtirish ishlarida Azot" AJdan 1500 nafar, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MCHJdan 2500 nafar,"Farg‘ona Issiqlik energo markazi"dan kelgan 550 nafar hasharchi qatnashdi.

Yozyovon tumanidan 587 nafar hasharchi kelgan. Ular qurilish materiallari bilan ham amaliy yordam berishdi. Jumladan, homiylik tariqasida 50 mingta g‘isht, 10 tonna sement, 300 ta shifer olib kelindi. 15 ga yaqin turli qudratli texnikalar barcha ishlarga jalb qilindi.

«Rishtondagi hasharda korxonamizdan kuniga 30 nafar ishchi-xizmatchilar qatnashyapti, — dedi Qo‘shtepa tumani tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Baxtiyor Erkaboyev. — Ishchi-mutaxassislarimiz tomonidan tuman hududida 4 km. beton stolbalarda demontaj ishlarini olib borish bilan birga obodonlashtirish, qurilish ishlarida bevosita ishtirok etyapmiz. Bizga biriktirilgan 3 ta xonadonda qurilish ishlarini olib borish uchun keltirilgan 2 mashina g‘ishtni tashib, joylashtirdik. 2 ta eski binoni buzib, joyini tekisladik, shag‘al tashidik».

Foto: O‘zA.

Farg‘ona tumani hokimi Ilhomjon Nosirov so‘zlariga ko‘ra, hasharda tuman mahallalari, tashkilotlaridan 630 nafar fuqaro qatnashyapti. Bundan tashqari, tuman «Obodonlashtirish» boshqarmasidan 100 nafar xodim ishlayapti. Shuningdek, kommunal xo‘jaligi, elektr tarmoqlari korxonasi, gazlashtirish idorasi, yo‘l qurilishi va «Toza hudud"ning aksar texnikalari hasharga jalb qilindi.

Rishtondagi umumxalq hasharida Bag‘dod tumanidan 800 nafarga yaqin hasharchilar ishtirok etishdi. Birgina 27 iyul kunining o‘zida 52 ming dona pishgan g‘isht va 5 tonna sement yangi qurilish ob’ektlariga yetkazib berildi.Buning uchun 11 ta texnika vositalaridan samarali foydalanildi.

«Gazeta.uz» izoh so‘rab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildi. Mehnat vazirligi mazkur hashar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 349-sonli qaroriga zid ekanini ma’lum qildi.

«Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish hamda ommaviy majburiy mehnatga jalb qilish hisoblanadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Yuqorida keltirilgan Vazirlar Mahkamasi qarorida hashar faqatgina ko‘ngilli asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hashar o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risidagi prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilinishi shart. Hashar mehnat muhofazasi va xavfsizligiga qat’iy rioya qilingan holda hashar ishtirokchisi ishlayotgan tashkilot hududida o‘tkaziladi Hashar jarayonida boshqa ko‘rinishdagi jamoat ishlari, jumladan qurilish-ta’mirlash ishlariga majburlash qat’iy taqiqlanadi.

«27−28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining bir qator tumanlarida o‘tkazilgan hashar prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlarisiz olib borilgan. Hashar jarayonida byudjet va boshqa tashkilotlar xodimlari qurilish va obodonlashtirish ishlariga, jumladan avtomobil yo‘llari yoqalaridagi ishlarga jalb qilingan», — deya ta’kidladi Mehnat vazirligi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bunday turdagi tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymasligini ko‘rsatib o‘tgan holda joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga barham berishni talab qildi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga hashar ko‘ngilli asosda o‘tkazilgani va bu milliy an’ana va odatlarning bir qismi ekanini ma’lum qildi Ma’muriyat hashar o‘tkazish to‘g‘risidagi prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlarini taqdim eta olmadi.