Bugungi kunda tadbirkor bo‘laman, birimni ikki qilaman, deb harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz safi tobora kengayib borayotgani har bir kishini quvontiradi. Lekin ba’zi bir tadbirkorlar yengil daromad topish ilinjida qing‘ir ishga qo‘l urayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Tolib To‘rayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Yangiyo‘l shahrida yashaydi. U yaxshi niyatlar bilan hovlisida issiqxona qurdi, biroq zarur hujjatlarni rasmiylashtirmasdan tabiiy gaz tarmog‘idan foydalandi.

2018 yil 1 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari T. To‘rayev xonadoniga kirib, pomidor ko‘chati parvarishlanayotgan issiqxonaga o‘tkazilgan gaz tarmog‘ini ko‘zdan kechirishadi. Uning hujjatlari so‘ralganida, T. To‘rayev hech qanday hujjat taqdim etolmaydi.

Majburiy ijro byurosi xodimlari 20,9 sotix issiqxona ikki dona qo‘lbola pechda suv isitish yo‘li bilan isitilayotganiga guvoh bo‘lishadi. Ya’ni, T. To‘rayev gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlanadi.

«Toshkentgaz» hududiy filiali ma’lumotnomasiga ko‘ra, T. To‘rayev o‘zining huquqbuzarligi oqibatida jami 49 million 507 ming 920 so‘m miqdordagi moddiy zarar yetkazgan.

Natijada Majburiy ijro byurosi xodimlari tabiiy gazdan foydalanish qoidalari buzilganligi sababli iste’molchini tarmoqdan uzish to‘g‘risida dalolatnoma tuzishadi.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish haqida bayonnoma tuziladi. Unga fotosuratlar, dastlabki tushuntirish xatlari, qishloq xo‘jaligi ekinlari holati yuzasidan xulosa, yetkazilgan zararni hisob-kitob qilish haqida ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Tekshirish jarayonida huquqbuzarlik holati yuzasidan T. To‘rayev tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish harakatlarini tan olib, dalolatnoma va bayonnomalarni o‘z imzosi bilan tasdiqlagan. Shundan so‘ng tabiiy gazdan foydalanish qoidalari buzilganligi haqidagi dalolatnoma asosida issiqxona payvandlash yo‘li gaz tarmog‘idan uzilgan.

Sudda T. To‘rayev o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, haqiqatan ham, tirikchilik uchun issiqxona tashkil etganini tan oldi. U 2018 yil avgust oyining o‘rtalarida issiqxonada pomidor ko‘chatlari yetishtirganini, uni asosan ko‘mir va o‘tin bilan isitganini bildirdi.

Uning aytishicha, havo juda sovib ketgan paytlarda gazdan foydalangan. Pomidor ko‘chatlari yetilgunga qadar 10 tonna ko‘mir yoqqan.

T. To‘rayevning issiqxonasida 2018 yil 1 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi va Yangiyo‘l tuman bo‘limi xodimlari tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilgan.

Bu jarayonda tadbirkorning gaz yetkazib berish bo‘yicha gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga Yangiyo‘l gaz ta’minoti uchastkasidan tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.

Aslida, T. To‘rayev umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘i quvurini darvoza ustunidan oshirib o‘tkazgan va tortilgan gaz quvurlariga rezina shlang ulagan. Lekin tabiiy gaz bosimi past bo‘lganligi uchun havo sovuq kunlarida ham asosan ko‘mir va o‘tin yoqqan.

Shuning uchun T. To‘rayev Majburiy ijro byurosi xodimlari va boshqa xodimlar tomonidan unga nisbatan 49 million 507 ming 920 so‘m so‘mlik gaz ishlatgan deb noto‘g‘ri hisoblanganini bildirgan. Ushbu miqdorni qayta hisob-kitob qilishni va unga nisbatan imkon qadar yengillik berishni so‘ragan.

Yangiyo‘l tuman hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislarining 2018 yil 7 dekabrdagi xulosasiga ko‘ra, T. To‘rayevning issiqxonasidagi pomidor ko‘chatlari 50−60 kun davomida parvarish qilingan. Toshkent viloyati hokimining qaroriga ko‘ra, isitish mavsumi 2018 yil 16 oktyabrdan boshlangan.

Shu sababli tadbirkor 2018 yil 16 oktyabrdan — 1 dekabrgacha, ya’ni tekshiruv kuni bilan jami 47 kun mobaynida gazdan foydalanib, issiqxonani isitgan degan xulosaga kelingan.

Guvoh A. Rayimqulov o‘z ko‘rsatmasida tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida Majburiy ijro byurosi Yangiyo‘l tuman bo‘limining xatiga asosan o‘rganish uchun ish hujjatlarini ko‘rib chiqqanini bildirdi. T. To‘rayevning issiqxonasi Toshkent viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Yangiyo‘l tuman filiali ma’lumotiga asosan 20,9 sotixni tashkil qiladi.

Issiqxonada tabiiy sharoitda issiqlikni bir maromda ushlab turish uchun mahalliy o‘g‘itdan foydalanish va tuproq qatlami haroratini ko‘tarish evaziga havo muhitini bir maromda ushlab turishga erishish mumkin. Hisob-kitoblar va Yangiyo‘l meteostansiyasi ma’lumotiga asoslanib, avgust-sentyabr oylarida issiqxonada gazdan foydalanmasdan issiqlik ushlab turilgan bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratish joiz.

Oktyabr-noyabr oylarida eng past harorat +3,8 darajadan tushmagan. Bunday ob-havoda quyosh nurlari va tuproq qatlami tagiga tashlangan mahalliy o‘g‘it chirindilari issiqligidan foydalanish ehtimoli mavjud.

A. Rayimqulov pomidor ko‘chatlarining vegetatsiyaviy rivojlanganlik ko‘rsatkichlarini inobatga olib, ularning shu darajaga yetishi uchun 50−60 kun mobaynida gaz yoqilishi mumkinligini bildirdi. Issiqxonada yetishtirilgan pomidor ko‘chatlarining bo‘yi balandligi, ko‘chatlarning shoxlaganligi va hosil elementlari sonidan kelib chiqqan holda hisoblanib, surishtiruv bo‘limiga taqdim etilgan.

Shu tariqa sud sudlanuvchi T. To‘rayevga jazo turi va me’yorini tayinlashda jinoyatning o‘z xususiyatiga ko‘ra ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishi va yetkazilgan moddiy zarar o‘rni qoplanmaganini inobatga olib, ayblanayotgan modda sanksiyasi doirasida ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.

Shu bilan birga, T. To‘rayev tomonidan yetkazilgan moddiy zarar «Toshkentgaz» hududiy filiali foydasiga undiriladigan bo‘ldi.

Bahrom Toshpo‘latov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Yangiyo‘l tumani sudining raisi