27−28 iyul kunlari Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi va qator uchrashuvlar o‘tkazdi, vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Vazir Nukusda joylashgan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markaziga borib, markaz binosining qurilish ishlari bilan tanishdi. Markaz xodimlari bilan uchrashuv davomida markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Uchrashuvda, shuningdek, markazda faoliyat yuritayotgan Yaponiyaning OYO korporatsiyasi vakillari Kazuxiro Azami va Sunao Oboyashi ham ishtirok etdi.

Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazi qoshidagi «Mo‘ynoq» ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasining faoliyati bilan tanishish chog‘ida yaponiyalik mutaxassislar yopiq ildizli tizimda qurg‘oqchilikka va sho‘rlangan tuproqda o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha blok-inkubatorlarga ekilgan saksovul urug‘larini namoyish etdilar. Markazning «Samanbay» ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasidagi yomg‘ir chuvalchangi ko‘paytirilishi va mahalliy sharoitga moslashtirilishi uchun ajratilgan tajriba maydoni ham ko‘zdan kechirildi. Ikkala uchastkalarda ham innovatsion texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpoq davlat universitetida olimlar va doktorantlar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning ilm-fan sohasidagi takliflarini tinglab, o‘z fikrlarini bildirdi. Vazir, shuningdek, qoraqalpog‘istonlik olimlar va tadqiqotchilarga vazirlik tomonidan joriy etilgan yangilangan grant tizimi haqida ma’lumotlar berdi, tizim bo‘yicha olimlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berdi. Yosh tadqiqotchilar va ularning ustozlariga doktoranturaga qabul kvotalarini shakllantirish mexanizmi tushuntirib berildi.

Vazir Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida ishga tushirilishi rejalashtirilgan distansion innovatsion klinika binosining qurilish jarayoni bilan ham tanishib, qurilish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bundan tashqari, Mo‘ynoqda qad rostlayotgan telemeditsinaga asoslangan innovatsion klinika binosi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Telemeditsina sog‘liqni saqlash sohasida bugungi kunda eng tez suratlar bilan o‘sib borayotgan segment bo‘lib, kompyuter va telekommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda tibbiy ma’lumotlar almashinuvi imkoniyatini yaratadi.

Innovatsion rivojlanish vazirining Qoraqalpog‘istonga safari natijasida vazirlikning hududdagi faoliyatiga doir qator masalalar ijobiy hal qilindi, muammolar bartaraf etilishi uchun chora-tadbirlar belgilandi, deyiladi xabarda.