Toshkent hokimligi ta’sis etgan «Texnopark» MCHJ gaz hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida gaz hisoblagichlarini ishlab chiqaradi va yetkazib beradi.

Mazkur qaror 16 iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishchi yig‘ilish bayonnomasidan o‘rin oldi. Mazkur hujjatning haqiqiyligi «Gazeta.u""ning hukumatdagi axborot manbasi tomonidan tasdiqlandi.

2022 yilgacha gaz hisobining avtomatlashtirilgan tizimini barcha toifadagi iste’molchilar uchun to‘liq joriy etish prezidentning 9 iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish «Hududgazta’minot» aksionerlik jamiyatiga yuklatilgan.

Bayonnomada qayd etilishicha, zamonaviy gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarishni «O‘zeltexsanoat» birlashmasi korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarida tashkil etishga qaror qilingan. «Texnopark» mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi sifatida belgilandi.

Davlat xizmatlari markazi ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, «Texnopark» kompaniyasi 10 iyunda tashkil etilgan. Faoliyat turi — maishiy elektr uskunalarni ishlab chiqarish. Ustav fondi 400 mln so‘m bo‘lgan kompaniyaning yagona ta’sischisi — Toshkent hokimligi. Sarvar Ahadov «Texnopark» rahbari hisoblanadi. Korporativ ma’lumotlar yagona portaliga joylashtirilgan Techno Continental AJ kuzatuv kengashiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi ma’lumotga ko‘ra, Ahadov ishlab chiqarish maydonlarida Artel konditsionerlarini ishlab chiqaruvchi Dream Production QKga rahbarlik qilgan.

May oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyeyov imzolagan qarorda «O‘zeltexsanoat» korxonalari 2022 yilgacha imtiyozlarga ega bo‘ldi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa elektrotexnik va maishiy elektr mahsulotlari davlat xaridlarida 20 foizgacha narx preferensiyasiga ega bo‘ldi. Hujjat qabul qilinganidan bir necha kun o‘tib «O‘zeltexsanoat"ga yangi rahbar tayinlandi — Mirziyod Yunusov. Tayinlovga qadar u Artel Engineering and Management kompaniyasida sifat departamentiga rahbarlik qilgan.

Bayonnomaga ko‘ra, billing tizimlari va ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash tizimlarini yaratish axborot tizimlari va texnologik yechimlar ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Fido Biznes kompaniyasiga topshirildi.

O‘zbekiston gaz hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga 2015 yilda kirishgan edi. O‘shanda gaz hisobi 2021 yilgacha avtomatlashtirilishi belgilandi. 2017 yil noyabrida Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasi va gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni tezlashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda energiya va gaz hisoblagichlarini Fransiyaning Sagemcom, Germaniyaning Elster GmbH va Toshelestroapparat kompaniyalaridan sotib olish ko‘zda tutilgan edi. Sagemcom kompaniyasini Kommunal xizmatlar yagona billing tizimining energiya va gaz qismini ishlab chiqishga ham jalb qilish rejalashtirilgan edi.