Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra Kasbi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Chori Kucharov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

IIBning sobiq boshlig‘iga nisbatan xizmat tekshiruvi 24 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda fermerlar bilan bog‘liq videoyozuvlar tarqalganidan so‘ng boshlangan edi. Ushbu videoyozuvlarning birida fermer IIB xodimlari bilan bahslashgan bo‘lsa, ikkinchisida fermerlarning avtobusga qamalishi aks etgan edi. Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotgani xabar qilindi.

Har ikki hodisa ham yerdan samarali foydalanish bo‘yicha seminar bilan bog‘liq. Birinchi holatda IIB xodimlari dalasiga kapalak qo‘yish uchun seminarga o‘z vakilini yuborgan fermerni olib kelish uchun kelgan bo‘lsa, ikkinchisida seminarga kelgan fermer xo‘jaliklari xodimlari va miroblar qo‘liga kishan solinib, ikki soat avtobusga qamab qo‘yiladi.