Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo‘lgan xatti-harakati o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining xabar berishicha, O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish xulosalariga ko‘ra, tuman hokimi Donayev Shohmurod Xolboyevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni tadbirkor Bahriddin Isomov oldindan ogohlantirmasdan va tovon pulini to‘lamasdan kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan ikki qavatli do‘kon va sex binosini buzmonchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib юборганэди. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tadbirkorga nisbatan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda tegishli protsessual tartibda ushlangani haqida xabar berdi.