«Ozodlik» radiosi Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 5−6 nafar ichki ishlar organlari xodimlarining buzilayotgan uyda yashovchi qizaloq va bolani majburan tashqariga olib chiqayotgani tasvirlangan videoni e’lon qildi.

Videoyozuvda qiz va bolaning uyni tark etishdan bosh tortayotgani ko‘rinib turadi. Xodimlardan biri ular baribir uydan chiqarilishini aytadi. Bola esa shu yerda qolishini aytadi.

Keyin esa xodimlar yarmi buzilgan bino ichiga kirib, qorong‘uda ko‘rinmay qoladi. Bir necha soniyalardan so‘ng bolaning ovozi eshitiladi: «Dada, dada!» Bu vaqtda uyni buzayotgan ekskvatorning ishlayotgani ko‘rinib turadi.

Yakkabog‘ IIBga murojaat qilgan «Gazeta.uz"ga hodisa haqida ma’lum emasligi va o‘rganilishi ma’lum qilindi. Qayd etish joizki, voqeaning qachon sodir bo‘lgani noma’lum.

Buzish ishlari «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida olib borilayotgani taxmin qilinmoqda. Avvalroq tuman hokimiyati dastur doirasida yo‘llar kengaytirilib, ko‘cha chiroqlari o‘rnatilishi, piyodalar yo‘laklari, avtoturargohlar, yangi savdo shoxobchalari qurilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni Yakkabog‘ tumanida tadbirkor hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi. U o‘zining kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan ikki qavatli do‘kon va sexini himoya qilishga urindi. Tadbirkor binoning tovon puli to‘lanmasdan turib binoning «Obod qishloq» dasturi doirasida buzilishiga qarshilik qilgan, hokim o‘rinbosari esa buldozerga o‘tirib, ushbu ob’ektni buzmoqchi bo‘lgan edi.