1 avgustdan Toshkent-Olma Ota-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi «Tulpar — Talgo» tezyurar poyezdlari chiptalariga qo‘shimcha chegirmalar joriy etiladi, deya xabar berdi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» kompaniyasi matbuot xizmati.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» («O‘zbekiston temir yo‘llari») hamda «Yo‘lovchi tashuvlari» («Qazaqstan temir jolы») rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralarda ushbu qarorga kelindi.

«Qazaqstan temir jolы» tariflar narxiga bir necha turdagi chegirmalarni joriy etmoqda:

  • poyezd yo‘lga otlanishidan 0−5 kun avval sotib olingan chiptalar uchun — 25 foiz;
  • o‘rindiqli vagonlarga — 15 foiz;
  • komission yig‘imga — 53 foiz.

Tez orada «Tulpar — Talgo» chiptalari narxini yanada arzonlashtirish bo‘yicha masalani ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda, deyiladi xabarda.

Iyul oyi o‘rtasida bloger Davronbek Tojialiyev «Tulpar — Talgo» poyezdlariga Toshkent va Chimkentda sotib olingan chiptalar narxida sezilarli farq bor ekani haqida yozgan edi. O‘zbekistondan Olma Otaga olingan chipta eng kamida 400 ming so‘m turadi. Bloger taksida Chimkentga qadar borib, xuddi shu poyezdga 83 ming so‘mga chipta sotib olgan. Yakunda u taksi xarajatlarini qo‘shganda 116,6 ming so‘m sarflagan.