O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 26 iyul kuni yangi tayinlangan Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Santosh Jani qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, vazir Hindiston elchisini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga samarali faoliyat tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining dolzarb kun tartibi muhokama qilindi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Hindistonga davlat tashrifi va joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan «Jo‘shqin Gujarat» sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama hamkorlikning muhim voqeasi bo‘lgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston-Hindiston hamkorlik institutlarining bo‘lajak majlislari va boshqa qo‘shma tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Hindistonning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Vinod Kumar aprel oyida o‘z diplomatik missiyasini yakunladi.