Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida turistik markaz qurilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni bu yerga tashrif buyurib, shu boradagi loyiha taklifi bilan tanishdi. Majmua uchun 360 gektar yer ajratilishi, uning 80 gektarida anjumanlar markazi, mehmonxonalar va boshqa ob’ektlar qurilishi mo‘ljallangan. Mehmonxonalar 5, 4 va 3 yulduzli bo‘lib, barcha toifadagi sayyohlarni qamrab oladi. Sayilgohlar, suzish joylari, sun’iy orolchalar, restoranlar tashkil etiladi.

«Samarqandliklar va bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz dam olish uchun qayerga boradi? Hozircha aytarlik bunday joy yo‘q. Chet ellik sayyohlar ham asosan tarixiy obidalarni ko‘rish va ziyorat uchun keladi. Shu bois dam olish turizmi uchun ham sharoit yaratish kerak. Bu maskan ziyorat turizmi bilan hamohang bo‘lishi, xalqimiz, sayyohlar bo‘sh vaqtida bu yerga kelib dam olishi zarur. Bu Samarqand iqtisodiyoti uchun yana bir o‘sish nuqtasi bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Samarqandga kelgan sayyohlar soni joriy yilda o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshgan. Kelgusi ikki yilda bu yerga chet ellik turistlar tashrifini 2, mamlakat bo‘yicha esa 10 millionga yetkazish mo‘ljallangan.