Qurolli Kuchlar akademiyasida xorijiy davlatlar bilan harbiy ta’lim borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga bag‘ishlangan «Zamonaviy bosqichda Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishning asosiy tendensiyalari» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar qildi.

Tashkil etilgan xalqaro anjumanda o‘n beshta xorijiy davlat harbiy attashelari, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabi va boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Ma’ruzalarda Qurolli Kuchlarni zamon talablaridan kelib chiqib isloh qilish, harbiy san’atni rivojlantirishning asosiy tendensiyalarini o‘rganishning ahamiyati, jahon miqyosida harbiy sohada erishilgan ijobiy tajribalarni qo‘shinlar amaliyoti hamda oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoniga izchil tadbiq etish bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish zarurati haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek xalqaro ilmiy anjuman doirasida harbiy attashelarning xorijiy davlatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlari bilan hamkorligini tashkillashtirish, chet el harbiy akademiyalari bilan tajriba almashish, hamkorlikda harbiy-ilmiy tadbirlar uyushtirish,o‘qitishning ilg‘or innovatsion uslublaridan foydalangan holda onlayn treninglar o‘tkazish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

Anjuman yakunida faol ishtirokchilar taqdirlandi.