Tokio olimpiadasi 2020 yilning 24 iyulida start oladi. Kecha Yaponiya poytaxtida ushbu sana yuzasidan katta tadbir o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tadbirda olimpiada tashkilotchilari bo‘lajak musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Faxriy mehmonlar qatorida tashrif buyurgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ham tashkiliy qo‘mitaning tayyorgarligiga yuqori baho berdi.

Shuningdek, tadbir davomida Tokio olimpiadasi medallarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Medallar bir qarashda sayqallanib nur taratayotgan toshlarni eslatadi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularining dizayni sportda raqobatlashayotgan, jo‘shib ishlayotgan odamlarni, ifodalaydi. Taralayotgan nur esa bir-birlarining qo‘llarini ushlab turgan butun dunyo odamlari va ularda aks etgan iliq do‘stlikni anglatadi.

Medallar diametri: 85 mm.

Vazni: 556 gramm (oltin), 550 gramm (kumush) va 450 gramm (bronza)

Tarkibi: oltin medal sof oltindan emas. Uni tayyorlash uchun kumush medalning ustiga 6 gramm oltin eritmasi quyiladi. Kumush medali sof kumushdan, bronza esa mis va rux moddalarining qo‘shilmasidan, dizayner Junichi Kavanishi tomonidan tayyorlanadi.