O‘zbekistonda 2020- yilda oltin va kumush qazib olish 150 tonnaga, 2021- yilda esa 300 tonnaga yetkaziladi. Bu haqda yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni yanada takomillashtirish va 2020−2021- yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorida so‘z boradi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qaror bilan 2020−2021- yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi ma’qullandi. Dastur doirasida foydali qazilmalarning istiqbolli maydonlarini qidirish 2020- yilda 35 foizga, 2021- yilda 40 foizga yetkaziladi.

Dasturni amalga oshirish uchun jami 2 trln 371 mlrd 9 mln so‘m mablag‘ ajratiladi.

Qaror bilan Geologiya-qidiruv ishlarini olib borishni yanada takomillashtirish, yer qa’rini oqilona o‘rganish va o‘zlashtirish, shuningdek, kon-geologiya sohasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi” doirasida geologiya-qidiruv ishlari hisobotlarini tuzishning xalqaro standartlari joriy qilinadi va foydali qazilmalar zaxiralari JORC Kodeksiga muvofiq tasdiqlanadi.

Qattiq foydali qazilma maydonlari va konlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish uchun yagona elektron onlayn platforma ishga tushiriladi.

Strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilmalarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada foydali qazilmalarni qidirish va aniqlash huquqi uchun imtiyozli bonus stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davrida soliq qonunchiligining o‘zgarmasligi kafolatlari ta’minlanadi.

Avvalroq yaqin besh yilda oltin zaxiralari o‘sishi 474 tonna, qiymati 18,75 mlrd dollar bo‘lishi xabar qilingan edi. 2017- yilda esa O‘zbekiston hukumati prognoz zaxiralari 151 tonna oltin va 1,2 ming tonna kumushni tashkil etuvchi 31 ta istiqbolli maydoncha va 12 ta kon ro‘yxatini e’lon qildi.