2019 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 95 418 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shunda da’vogarlar foydasiga 5,8 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63,5 foizga kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon va Jizzax viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 61 058 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 2 049 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 1,5 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 15 642 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 623,8 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish, kredit va kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 327 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 170 ta qaror bekor qilindi va 62 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.