Andijondagi «Madaniyat» mahallasida 24 iyul kuni sodir bo‘lgan yong‘in yonma-yon qilib qurilgan uchta uyga tarqaldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Olovni o‘chirish ishlarida to‘rtta o‘t o‘chirish ekipaji qatnashdi. «O‘t o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in bartaraf etilib, odamlarning jarohat olishi va vafot etishiga yo‘l qo‘yilmadi», — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Yong‘in natijasida 4-uyning 50 kv. m maydondagi tomi, shifti va uydagi mol-mulklar yonib ketdi, 2- va 6- uylarning esa 15 kv. m maydondagi tom va shiftiga zarar yetdi. Uylarning 250 kv. m maydondagi qurilish konstruksiyalari olovdan qutqarib qolindi.

Binolar o‘rtasida yong‘inga qarshi devor yoki bo‘shliqlar bo‘lmagani sababli olov qisqa vaqtda qo‘shni uylarga tarqalgan, deyiladi xabarda.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga bolalarning olov bilan o‘ynashishi sabab bo‘lgan. Moddiy zarar miqdori aniqlashtirilmoqda.