24 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida (M25) yangi gazli ob’ekt topildi. Bu haqda Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov o‘zining feysbukdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Ushbu gazli ob’ekt M25 ob’ektida olib borilgan burg‘ulash ishlari natijasida kashf qilindi. 1-O qudug‘ini barpo etishda XV va XVa gorizontlaridan tashqari XVI gorizonti ham aniqlandi. Ushbu gazning kundalik o‘rtacha oqimi 300 ming kubometrni tashkil etadi. Topilgan sanoat gazining oqimi XVI gorizontda gaz mavjudligini ko‘rsatib, M25 koni atrofidada yangi gazli ob’ektning topilganidan dalolat beradi.

Burg‘ulash va quduqni qurish ishlari «Surhan gas chemcal operating company» MCHJ XK va «ERIELL» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. «ERIELL» kompaniyasi Markaziy Osiyo, Rossiya Federatsiyasi va Yaqin Sharqda shu kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega.