22 iyuldan Toshkent IIBB YHXB xodimlari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi vakillari bilan birgalikda YHQni buzib, jarimani belgilangan muddatda to‘lamagan haydovchilarni aniqlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazishni boshladi.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent hududida qarzdorlarni avtomat tarzda aniqlovchi 20 ta «Avtokon» majmuasi ishlamoqda. Shu bilan birga, shaharga kirish/chiqish YPX postlarida ham. Agarda haydovchi qarzdorlar ro‘yxatidan o‘rin olgan bo‘lsa, avtomobili jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq («Transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibi»), yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun ichida jarima to‘lanmagan taqdirda, transport vositasi jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi. Bu haqdajarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbari yozma ko‘rsatma beradi.