O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida Gurbanguli Berdimuhamedov davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga ravnaq va farovonlik tiladi.

Davlat rahbarlari qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro va mintaqaviy siyosatga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston rahbariga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirib, joriy yil avgust oyining boshida «Avaza» milliy turizm zonasida bo‘lib o‘tadigan birinchi Kaspiy iqtisodiy forumini o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida Vladimir Putin davlat rahbarini tavallud kuni bilan chin dildan muborakbod etib, farovonlik va muvaffaqiyat tiladi. Muloqot chog‘ida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarga doir va xalqaro ahamiyaga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar hamda bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Bugun O‘zbekiston prezidentini telefon orqali muloqotda Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston prezidentlari ham tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi.