22 iyuldan Toshkentda yo‘l-patrul xizmati xodimlari mobil videokameralarni sinovdan o‘tkazishga kirishdi, deya xabar qildi Toshkent IIBB matbuot xizmati.

«YPX inspektorlari haydovchi bilan muloqotga kirishganda, ularning suhbatlari bodi-kameraga yozilayotgani haqida ogohlantiradilar. Sinov-tajriba natijalari nufuzli komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ishlab chiqaruvchi tashkilotga tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etiladi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 3 iyuldagi qarori bilan ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan ta’minlash 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilgan.

Barcha YPX va PPX xodimlarini bodikameralar bilan ta’minlash zarurligi to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil dekabrida ma’lum qilgan edi. Dastlab ularni o‘tgan yilning fevralidan joriy etish rejalashtirildi, so‘ngra ushbu muddat 1 iyulga kechiktirildi. Biroq iyun oyi oxirida IIV yangilikni joriy etishni 2020 yilning 1 yanvariga qoldirishni taklif qildi.