Ulug‘bek Husanovich Sayidov «O‘ztransgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ulug‘bek Sayidov (1979 y. t.) — Toshkent kimyo-texnologiya instituti bitiruvchisi (2002). Faoliyatini 2001 yilda «O‘zLITIneftgaz"da laboratoriya muhandisligidan boshlab, 2015−2016 yillarda unga rahbarlik qilgan. Tayinlovga qadar «O‘zbekneftgaz» rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Bahodir Eshmurodov.

«O‘ztransgaz"ning sobiq rahbari Bahodir Eshmurodov esa avvalroq «O‘ztransgaz» hududiy gaz ta’minoti filiallari bazasida tashkil etilgan «Hududgazta’minot» kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi.

Bahodir Sidiqov.

Joriy yil fevralidan «O‘zbekneftgaz"ga rahbarlik qilib kelayotgan Bahodir Sidiqov kompaniya boshqaruvini saqlab qoldi.

Iyul oyi boshida «O‘ztransgaz» prezident qarori bilan «O‘zbekneftgaz» tarkibidan chiqarildi. Kompaniya qazib oluvchi tashkilotlardan tabiiy gazni sotib olib, keyinchalik eksport va importga yetkazib berish, shuningdek magistral gaz quvurlariga ulangan iste’molchilarga sotish bilan shug‘ullanuvchi yagona operatorga aylandi. «Hududgazta’minot» esa gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan iste’molchilarga gaz sotish bilan shug‘ullanadi.