Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,53 mlrd dollar yoki 29,8 foizga o‘sib, 19,68 mlrd dollarni tashkil etdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida.

Eksport 8,44 mlrd dollar (o‘sish — 27%), import esa 11,24 mlrd dollarga (o‘sish — 32%) yetdi. Tashqi savdo saldosi minus 2,8 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston savdo hamkorlari orasida birinchi o‘rinni Xitoy egalladi. Ushbu mamlakat bilan savdo aylanmasi hajmi yarim yilda 3,9 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni 2,9 mlrd dollar bilan Rossiya, uchinchi pog‘onani 1,7 mlrd dollar bilan Qozog‘iston egalladi. Beshlikdan Koreya Respublikasi (1,3 mlrd dollar) va Turkiya (1,2 mlrd dollar) band etdi.

Yarim yillikda eksport hajmi 8,44 mlrd dollarni tashkil etdi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizlik o‘sish). Eksport tarkibida tovarlar ulushi 81,5 foiz, ulardan 24,8 foizi oltin (2,1 mlrd dollar), energotashuvchilar va neft mahsulotlari — 16,8 foiz (1,4 mlrd dollar), oziq-ovqat mahsulotlari — 9,4 foiz (793,7 mln dollar), to‘qimachilik mahsulotlari — 9,1 foiz (771,5 mln dollar), rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar — 5,8 foiz (486,2 mln dollar), qora metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar — 1,7 foiz (146,6 mln dollar).

Jumladan, O‘zbekiston 1,3 mlrd dollarlik gaz, 47,5 mln dollarlik elektr energiyasi, 23,1 mln dollarlik neft mahsulotlari, 352 mln dollarlik mis va undan tayyorlangan mahsulotlar hamda 52,7 mln dollarlik yengil avtomobillar eksport qilgan.

Eksport tarkibida xizmatlar ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,2 foizga o‘sib, 18,5 foizni (1,56 mlrd dollar) tashkil etdi. Xizmatlar eksportida esa transport va turizm xizmatlari, so‘ngra telekommunikatsiya, axborot, kompyuter va moliya xizmatlari eng yuqori o‘rinni egalladi.

Tashqi savdo aylanmasida tovar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy sheriklar — Xitoy (umumiy eksportning 19 foizi), Rossiya (13,6 foiz), Qozog‘iston (8,1 foiz), Turkiya (6,8 foiz), Qirg‘iziston (4,5 foiz), Afg‘oniston (3,1 foiz) va Tojikiston (1,7 foiz). Ushbu mamlakatlarga eng ko‘p energotashuvchilar va neft mahsulotlari, kimyo mahsulotlari va ulardan tayyorlangan buyumlar, shuningdek oziq-ovqat mahsulolari sotilgan.

O‘zbekistonda import hajmi yil boshidan buyon 11,24 mlrd dollarga (o‘sish — 32 foiz) yetdi. Uning tuzilmasida asosiy ulushni mashina va uskunalar, jumladan ehtiyot va butlovchi qismlar (13,3 foiz yoki 1,5 mlrd dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (8,2 foiz yoki 918,8 mln dollar), qora metallar — 7,6 foiz (851,4 mln dollar), energotashuvchilar va neft mahsulotlari — 3,9 foiz (436,9 mln dollar), rangli metallar — 1,1 foiz (119 mln dollar) tashkil etdi.

Jumladan, O‘zbekiston 178,3 mln dollarga yengil avtomobillar, 262,5 mln dollarga parvoz uskunalari, konditsioner va sovutkichlar — 303,8 mln dollar, neft mahsulotlari — 297,5 mln dollar, elektr energiyasi — 19,9 mln dollar, farmatsevtika mahsulotlari — 487,3 mln dollar, bug‘doy — 182,5 mln dollar, kungaboqar yog‘i — 93,8 mln dollar import qildi.

Xizmatlar importi hajmi 9,7 foizni (1,1 mlrd dollar) tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 foiz kamaydi. Xizmatlar importi tarkibida turizm (safarlar), transport xizmatlari, shuningdek, qurilish, telekommunikatsiya, axborot va kompyuter xizmatlari asosiy ulushga ega.

Quyidagi mamlakatlar asosiy importyorlardir — Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Turkiya, Germaniya va AQSH. Ular importning 69,1 foiz yoki 7,7 mlrd dollardan ko‘proq qismiga egalik qilmoqda.