Iordaniyaning Amman shahrida taekvondo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati yakuniga yetdi. Unda asosiy tarkib bilan ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medallarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

O‘smirlar olimpiadasi sovrindori Ulug‘bek Rashitov (-55 kg) hamda Jasur Jaysunov (-68 kg) o‘z vazn toifalarida qit’amizda tengsiz ekanliklarini isbotlagan bo‘lsa, Azizjon O‘ktamov (-48 kg) finalda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuningdek, Abdulaziz Hamidullayev (-63 kg), Marat Mavlonov (-78 kg), Feruza Sodiqova (-63 kg) hamda Ozoda Sobirjonova (-55 kg) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishdi.

Jami yettita medal jamg‘argan O‘zbekiston terma jamoasi yakunda umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, bu Osiyo chempionati o‘zbekistonlik yigitlarning ilk bor oltin medal qo‘lga kiritgani bilan tarixda qolmoqda. Ulug‘bek Rashitov esa yigitlar o‘rtasida musobaqaning eng yaxshi sportchisi deb topildi.

G‘olib va sovrindorlari bilan tanishing:

Oltin:

Ulug‘bek Rashitov (-55 kg)

Jasur Jaysunov (-68 kg)

Kumush:

Azizjon O‘ktamov (-48 kg)

Bronza:

Abdulaziz Hamidullayev (-63 kg)

Marat Mavlonov (-78 kg)

Feruza Sodiqova (-63 kg)

Ozoda Sobirjonova (-55 kg).