Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhi 18−19 iyul kunlari Samarqand Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida xizmat tekshiruvi o‘tkazdi. Tekshiruv Daryo.uz nashri 17 iyul kuni markazning mehnat inspektorlari har kuni Sadriddin Ayniy ko‘chasida beton quyishga majburlanayotgani haqidagi maqolani e’lon qilganidan so‘ng o‘tkazildi. Ishlarning bajarilishini markaz direktorining shaxsan o‘zi nazorat qilib borgan.

«Bizlar mehnat huquqi buzilgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishimiz kerak. Ammo bugun o‘zimiz majburiy mehnatga jalb qilinganmiz. Rahbar hokimiyatning buyrug‘ini bajaryapmiz, deyishdan nariga o‘tmaydi», — deyiladi inspektorlar murojaatida.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Daryo.uz maqolasida keltirilgan ma’lumotlar qisman o‘z tasdig‘ini topgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori talablariga rioya etilmagan.

Tekshiruv natijalari 20 iyul kuni Samarqand Bandlikka ko‘maklashish markazida muhokama qilingan. Yig‘ilishda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, vazir o‘rinbosarlari, ishchi guruhi a’zolari, Samarqand viloyat Bandlik bosh boshqarmasi xodimlari va boshqalar ishtirok etdi.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilindi. Viloyat Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i, uning o‘rinbosari va haq to‘lanadigan jamoat ishlari masalalari bo‘yicha filial mudiri ishdan bo‘shatildi.

Avvalroq Namangan viloyati Kosonsoy tuman hokimi o‘rinbosari Mubillo Isomiddinov 80 nafar maktab ishchisini yo‘l yoqasida beton quyishga majburlagani uchun eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarimaga tortilgan, tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari esa ishdan bo‘shatilgan edi.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi hamda Mehnat vazirligi hozirda Namangan viloyati Chust tumanidagi 9- maktab o‘qituvchilarining «ixtiyoriy» ravishda qurilish ishlariga jalb qilingani haqidagi xabarlarni o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat vazirligi 2018 yilda majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarima miqdorini birinchi martasida EKIHning 25−50, takror sodir etilganida esa 59−100 barvarigacha oshirishni taklif qilgan edi.