O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarning bino-inshootlarini buzish va buning uchun kompensatsiya to‘lash borasida tizimli yondashuv yo‘qligini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Albatta, joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari davomida ayrim binolarning buzilishi tabiiy hol. Biroq, aholi punktlarini istiqbolda rivojlantirish rejalarini hisobga olmasdan, katta hududlarda joylashgan inshootlar buzib yuborilayotgani oqibatida juda ko‘p miqdorda kompensatsiya to‘lovlari kelib chiqmoqda. Hokimliklar buziladigan binolarning o‘rnida yangi korxonalarni qurish bo‘yicha investorlarni topib, kompensatsiya to‘lovini ularning hisobidan to‘lanishini ta’minlamayotgani sababli ushbu xarajatlar davlat byudjeti zimmasiga tushmoqda.

«Barcha hokimlarni qat’iy ogohlantiraman — asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart», — dedi davlat rahbari.

Adliya va moliya vazirliklari, Savdo-sanoat palatasiga Biznes-ombudsman ishtirokida mol-mulkni buzish va kompensatsiya to‘lash tartiblarini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Adliya vazirligi ko‘chmas mulk huquqiga rioya qilish sohasida qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ma’lum qilgan edi. Respublika bo‘yicha buzish ishlarini amalga oshirishda 600 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiyalar to‘langan, 300 mlrd so‘mga yaqin qarzdorlik mavjud.

20 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida kredit asosida qurilgan ikki qavatli bino egasi bo‘lgan tadbirkor tovon pulisiz o‘z mulkini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga o‘t qo‘ygan edi.