O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15 iyulda uzluksiz professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlisda bergan topshirig‘iga ko‘ra, respublikada mavjud 1469 ta kasb-hunar kollejining 383 ta binosi (ro‘yxat) maktablarga beriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Natijada 2019−2020 o‘quv yilida maktab o‘quvchilari uchun qo‘shimcha 224 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida 19 tadan, Surxondaryo va Farg‘onada — 45 tadan, Jizzax va Namanganda — 26 tadan, Buxoroda — 20 ta, Andijonda — 34 ta, Qashqadaryoda — 46 ta, Navoiyda — 13 ta, Samarqandda — 54 ta, Sirdaryoda — 9 ta, Xorazmda — 23 ta kollej qayta tashkil etiladi.

10 avgustga qadar xalq ta’limi tizimiga o‘tkazilgan kasb-hunar kollejlari binolaridan samarali foydalanish, navbatlilik koeffitsiyenti 2 va undan yuqori bo‘lgan maktablarga qo‘shimcha bino sifatida berish hamda ehtiyoj mavjud bo‘lgan hududlarda yangi maktablar sifatida qayta tashkil etish choralari ko‘riladi.

Xalq ta’limi tizimi tasarrufiga o‘tkazilgan ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash vazifalari yuklangan.

Xalq ta’limi vazirligi bino va inshootlardan samarali foydalanishni tashkil etish, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, o‘quvchilarni yangi maktablar va o‘quv binolariga o‘tkazish jarayonida umumta’lim maktablarining Kuzatuv kengashlari va jamoatchilikning faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.