Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 iyuldagi qarori bilan Toshkent viloyatining Qibray tumanida Astraxan davlat texnika universitetining filiali ochiladi va birinchi talabalarini 2020/2021 o‘quv yilida qabul qiladi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun mazkur Rossiya OTMning filialini tashkil etish prezidentning 2018 yil 6 apreldagi qarorida nazarda tutilgan.

Qabul qilingan hujjatda uni tashkil etishning asosiy chora-tadbirlari tasdiqlangan. Filial Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uyda joylashgan Toshkent davlat agrar universitetining (keyingi o‘rinlarda — TDAU) zootexniya fakulteti binosida joylashtiriladi.

Filialda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) faoliyat ko‘rsatadi:

«Suv bioresurslari va akvakultura»;

«Ekologiya va tabiatdan foydalanish»;

«Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi»

«Baliqchilik xo‘jaligi iqtisodiyoti».

Talabalarni o‘qishga qabul qilish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi. 2019/2020 o‘quv yilida esa TDAU Rossiya OTM bilan hamkorlikda «Suv bioresurslari va akvakultura» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi shaklda qo‘shma ta’lim dasturi asosida to‘lov-kontrakt asosida rus guruhida kadrlar tayyorlashni davom ettiradi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari ikki tomonlama tan olinadigan diplom oladilar.

Bir oy muddatda filial ta’sis hujjatlari ishlab chiqiladi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi, 2020 yil 1 avgustga qadar esa malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida to‘ldiriladi.

Filial bitiruvchilariga Astraxan davlat texnika universitetining O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplomlari beriladi.