Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan klinik o‘lim holatidagi bola otalaringolog-shifokor tomonidan qutqarib qolingani tasvirlangan videolavha qahramoni 41 yoshli shifokor Sergey Vladimirovich Tobias «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, deya xabar qildi SSV matbuot xizmati. Ushbu mukofot sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan toshirildi.

Vazir shifokorga mukofotni topshirar ekan, xalq salomatligini asrashda tibbiyot xodimlarining o‘rni nihoyatda muhimligini e’tirof etgan holda, bunda tajribali hamda o‘z vazifasiga ma’suliyatli soha fidoyilarining xizmati katta ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida Sergey Tobias so‘nggi yillarda tibbiyot rivojiga, tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani sababli soha yanada rivojlanib, aholining sifatli va samarali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengayib borayotganini qayd etib, bundan buyon ham bor bilim va tajribasini insonlar salomatligini asrash yo‘lida safarbar etishini ta’kidlab o‘tdi, deyiladi xabarda.


Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan, poytaxtdagi xususiy shifoxonalardan birida faoliyat yuritib kelayotgan Sergey Tobias garchi reanimatolog bo‘lmasa ham kasb mahoratini namoyish etib, klinik o‘lim holatida olib kelingan 2 yoshli bola Umar Nurillayevni qutqarib qolgan. Shundan so‘ng bemor 3-son bolalar klinik shifoxonasiga tez yordam mashinasida, shifokor ko‘rigi ostida yuborilgan. Ushbu shifoxonada barcha davolash muolajalari amalga oshirilgan.

«Farzandimni qutqarib qolgan shifokordan judayam minnatdorman. Ota sifatida shifokorning bu fidoyiligini hech narsaga qiyoslay olmayman. Bu holat men uchun haqiqiy qahramonlik», — deydi 2 yoshli Umar Nurillayevning otasi Dilshod Razzoqov.