Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi Shukrullo Panjiyev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) 2015 yilning sentyabr oyida maktabga hisobchi vazifasiga ishga kirgandi. Ko‘p o‘tmay u shu maktab o‘qituvchisi, ikki farzandning onasi Anzirat Orziyeva bilan yaqin bo‘lib qoldi. A. Orziyeva eri bilan ajrashgan, boshi ochiq edi. Avvaliga ular telefon orqali tez-tez gaplashib turishdi. Oradan ko‘p o‘tmay…

Shukrullo Anziratning uyiga, ota-onasining oldiga borib, uning uyidagilari bilan tanishib, niyatini aytadi. Bunga ular ham e’tiroz bildirmagach, u Anzirat bilan shar’iy nikoh o‘qitib, birga yashay boshladi.

Shukrulloning Anzirat bilan birga yashashi turmush o‘rtog‘i Gulsanam Haqqulovaning ham qulog‘iga yetib boradi. U erining xiyonat ko‘chasiga kirganini eshitib, yuragi alamga to‘ladi. Jahli ustida bolalarini olib, otasinikiga ketib qoladi. Shundan so‘ng oradan bir necha oylar o‘tsa-da, Gulsanam uyga qaytishni xayoliga keltirmaydi. Oxir-oqibat Shukrulloning opa-singillari, yangalari o‘rtaga tushadi. Ammo Gulsanam erining qilmishini ko‘ngliga qattiq olganidan oilasiga qaytmaydi. Buning o‘rniga u endi eri bilan hech qachon birga yashamasligini aytib, bolalariga aliment puli undirish maqsadida sudga murojaat qiladi. G. Haqqulovaning qonuniy murojaati sud tomonidan qanoatlantiriladi. Sh. Panjiyevdan farzandlariga oylik ish haqining ellik foizi miqdorida aliment puli undiriladi.

Qisqasi, xotini bolalari bilan ketib, hovli huvillab qolgach, Sh. Panjiyev ikkinchi xotinini bolalari bilan birga ko‘chirib keladi. Anziratning qizi voyaga yetgandi. Shukrullo uni turmushga uzatishga bosh-qosh bo‘ladi. To‘ydan so‘ng bir oycha birga yashagan Anzirat to‘satdan arazlab otasinikiga ketib qoladi. Bunga Shukrulloning asossiz rashki sabab bo‘ldi.

O‘tgan yilning 25 dekabr kuni edi. Ikkinchi xotinining ham ketib qolganidan o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay yurgan Shukrullo Kattaqo‘rg‘on shahriga Anzirat ishlaydigan maktabga boradi. U Anziratni uchratgach, uyga qaytishni, birga yashashni aytadi.

Ammo u A. Orziyevaning rad javobini eshitgach, qo‘rqitib qo‘yish maqsadida yonidagi boltani qo‘liga oladi. Buni ko‘rgan Anzirat hamla qilyapti, degan xayolga boradi-da, boltaning tig‘ini qo‘li bilan ushlaydi. Shundan so‘ng ikki o‘rtada janjal kelib chiqadi. Buning oqibatida A. Orziyeva boshi tepa sohasi, chap tizza bo‘g‘imida shilinma, chap qo‘l kafti, burun va o‘ng qo‘l tirsak sohalarida kesilgan yaralar, burun, o‘ng qo‘l beshinchi kafti suyagi va o‘ng tirsak suyagining ochiq sinishi kabi tan jarohati oladi.

Sh. Panjiyevning bu qilmishi avvalo uning o‘ziga qimmatga tushdi. Sud uni Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Ilhom Hamidov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi