Toshkent IIBB «Gazeta.uz» muallifi Nikita Makarenkoning baland musiqa bilan tun bo‘yicha aholiga tinchlik bermayotgan tungi klubga nisbatan IIO xodimlari tomonidan choralar ko‘rilmayotgani to‘g‘risidagi maqolasida keltirilgan vaziyat imkon qadar haqqoniy ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

20 iyul kuni jurnalist yana bir marta 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, FIFTY klubida qo‘yilgan baland musiqadan shikoyat qilmoqchi bo‘ladi, biroq klubga nisbatan chora ko‘rish o‘rniga qo‘lidagi telefoni olib qo‘yilib, uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga olib boriladi.

«Xodimlar harakati o‘rganiladi. Shu bilan birga, mazkur muammo kompleks o‘rganiladi, chunki tungi klub o‘z aybini tan olgani yo‘q va masala bahsli hisoblanadi», — deyiladi IIBB matbuot xizmati xabarida.

Nikita Makarenkoning arizasi o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqiladi, jumladan, shovqin darajasi tegishli xizmatlar tomonidan takroran o‘lchanadi, deya qayd etdi bosh boshqarma.

«Fursatdan foydalanib, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, ko‘plab ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarga befarq emasligi va Toshkent IIBB matbuot xizmati bilan hamkorligi uchun Makarenko N. A. ga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», — deyiladi bayonotda.