1- iyul holatida O‘zbekiston aholisi soni 33,52 million kishini tashkil etdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyat to‘g‘risidagi hisobotida. Shunday qilib, yil boshidan buyon aholi soni 268,1 ming kishiga yoki 0,8 foizga o‘sdi.

Shahar aholisi soni 16,9 million (umumiy aholining 50,5 foizi), qishloq aholisi esa 16,58 million (49,5 foiz) kishini tashkil etdi.

Birinchi yarim yillikda eng ko‘p aholi Samarqand (11,4 foiz), Farg‘ona (11,1 foiz), Qashqadaryo (9,7 foiz) va Andijon (9,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Respublika doimiy aholi sonining 30,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59,3 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Birinchi yarim yillikda 347,4 mingta bola tug‘ilgani qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 21 promilleni tashkil etdi.

Yil davomida 75,8 mingta o‘lim qayd etilgan. 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi (2018 yilning mos davrida ham 4,7 promille bo‘lgan).

Qayd etilgan vafot etganlarning 62,1 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,5 foizi — o‘simtalardan, 5,3 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,5 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 5,4 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 11,8 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 3400 nafarni tashkil etib, ularning 55,3 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 20,4 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 13,3 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 2,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 2,1 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,8 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,6 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Aholining tabiiy o‘sishi 271,6 ming kishini tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 22,9 ming kishiga o‘sgan.

Yarim yil davomida FHDYO organlari tomonidan 104,2 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 6,3 promilleni tashkil etdi. Tuzilgan nikohlar soni 2018 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri (6,5 foiz), Namangan viloyati (5,8 foiz), Buxoro (5 foiz), Sirdaryo (4 foiz) va Toshkent viloyatiga (3,4 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.

16 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1 promilleni tashkil etdi. Ajrimlar sonida yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent (10 foiz) va Namangan viloyatida (8,3 foiz) kuzatildi.

O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 78,9 ming kishini (77,5 ming kishi respublika hududlaridan, 1400 kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 82,4 ming kishini (77,5 ming kishi respublika hududlariga, 4900 kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 3500 kishi bo‘lib, 2018 yilning mos davrida minus 6200 kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo viloyatida (minus 3300 kishi), Samarqand viloyatida (minus 2500 kishi) va Qoraqalpog‘istonda (minus 1700 kishi)da qayd etildi.

Toshkentning doimiy aholisi soni birinchi yarim yillikda 28,5 ming kishi yoki 1,1 foizga oshib, 2,54 mln kishini tashkil etdi. 23,3 mingta yangi tug‘ilgan chaqaloq ro‘yxatga olindi. Vafot etganlar soni 7700 kishini, ularning 267 nafari 1 yoshgacha bolalar, tashkil etdi.