O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan may-iyun oylarida fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlariga rioya etilishini o‘rganish maqsadida murojaatlarni alohida qabul qilish va ko‘rib chiqish bo‘yicha aksiya e’lon qilingan edi. O‘tkazilgan aksiya doirasida 2 586 ta murojaat kelib tushdi. Ularning ko‘p qismi joyida hal qilindi va qanoatlantirildi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, aksiya davomida fuqarolarning ko‘chmas mulklarini tasarruf etishni cheklashda, buzilgan ko‘chmas mulk uchun kompensatsiya to‘lashda, kadastr hujjatlari rasmiylashtirishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi va boshqa masalalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning tahlili fuqarolarni asosan noqonuniy qurilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish masalasi qiynayotganligini ko‘rsatdi.

Bu borada Adliya vazirligi tomonidan hukumatga takliflar kiritildi, natijada hukumat tomonidan tegishli hujjat qabul qilinib, fuqarolarni qiynayotgan ushbu masalani yechish bo‘yicha aniq mexanizmli qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Aytish joizki, bunday muammolarning kelib chiqishiga tegishli davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining mas’uliyatsizligi bilan bir qatorda bevosita fuqarolar tomonidan arizalar kech va hujjatlar kamchilik bilan taqdim etilishi sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu sohada murojaat etgan fuqarolarning masalalari ijobiy hal etilib, yakuniy ishlar olib borilmoqda. Aholini qiynayotgan keyingi masala bu — yer uchastkalarining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlar o‘rnatilgan tartibda qoplanmayotganidir. Mazkur masalada eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri hamda Toshkent va Namangan viloyatlariga, eng kami esa Navoiy viloyatiga to‘g‘ri keldi.

Aksiya doirasida 2018 yil hamda 2019 yining birinchi yarmida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari hamda shu munosabat bilan buzilgan qurilish ob’ektlarining pasporti shakllantirildi. Bu yo‘nalishda 846 ta holatda mulkdorlarga yozma xabarnoma berilmagani, 1 388 ta holatda yozma xabar berish muddati buzilgani, shuningdek, qurilish ob’ektlari ularning qiymatiga aniqlik kiritilmagan (baholanmagan) holda buzilgani aniqlangan bo‘lib, bunday holatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va Buxoro viloyatida, eng kami esa Samarqand viloyatida kuzatildi.

Buzish ishlarini amalga oshirishda 600 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiyalar to‘lab berilgani hamda Toshkent shahri, Toshkent, Fag‘ona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida buzilgan turar va noturar joylar uchun kompensatsiya to‘lash bo‘yicha 300 mlrd so‘mga yaqin qarzdorlik mavjudligi aniqlandi. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari o‘rniga boshqa joylardan 359,2 gektar yer uchastkasi ajratib berilgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan adliya organlari tomonidan manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli amaliy choralar ko‘rildi.

Xususan, aksiya doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda 874 ta qonunbuzilish holati aniqlangan bo‘lib, adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 236 ta taqdimnoma (huquqi buzilgan jismoniy va yuridik shaxslarga jami 6,5 mlrd so‘mdan ortiq pullik kompensatsiya qoplanishi so‘ralgan) hamda 100 ta ogohnoma, shuningdek sudlarga 30,3 mlrd so‘mlik 360 ta da’vo arizasi kiritildi.

Masalan, Baxmal tumani (Jizzax) hokimligi tomonidan fuqaro R.I.ning binosi buzilib, unga kompensatsiya to‘lanmagani aniqlanib, Baxmal tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumanlararo sudiga 195,8 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lash bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi.

Beruniy tumanida (Qoraqalpog‘iston) fuqaro U.S.ning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan Shobboz dehqon bozori eski istirohat bog‘idagi do‘kon binosi joylashgan yer uchastkasi tuman hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, kompensatsiya to‘lab berilmagani holati bo‘yicha Beruniy tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Adliya vazirligi viloyat va tuman (shahar) darajadagi hokimliklarni, vazirlik va qo‘mitalarni fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmaslikka, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

Shu bilan birga, bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan ushbu sohalarda xorijiy tajriba o‘rganilib, fuqarolarning mulk huquqini ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.