Poytaxtda 2018 yili qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari 1 ming 601 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 15 iyul holatida bu ko‘rsatkich 13 ming 200 taga yetdi, deya xabar qildi Toshkent DSB matbuot xizmati.

Mirobod tumanida o‘tkazilgan «Soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi — soliq va bojxona imtiyozlari berilishini tartibga solish» mavzuidagi ko‘rgazmali-seminarda prezidentning 27 iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyati xususida tadbirkorlarga batafsil tushuntirishlar berildi.

«Qo‘shilgan qiymat solig‘i, qisqa qilib aytganda, yangi hosil bo‘lgan qiymatdan to‘lanadi va shu jihatdan adolatli soliqdir, — dedi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov. — Bunda mazkur soliq tizimining to‘laqonli zanjiri shakllanishi lozim. Masalan, ishlab chiqaruvchi korxona o‘zi ishlab chiqargan mahsulotini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotadigan bo‘lsa, undan xarid qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari aytaylik vositachi, ulgurji yoki chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ham QQS bilan realizatsiya qiladi va iste’molchiga qadar zanjir uzilmasdan boradi. Natijada mahsulot narxining barqarorligi ta’minlanadi hamda soliq yuki oshib ketmasligiga olib keladi».

Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarining farmonida qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan bir qator normalar belgilangani tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Ta’kidlanishicha, yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi va belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi beriladi.

Seminarda tadbirkorlar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.