19 iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida «Turtki berish nazariyasining davlat sektorida qo‘llanilishi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deya xabar berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tadbirda fan doktori, professor, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Alisher Fayzullayev ma’ruza bilan chiqish qildi. Davra suhbatida turtki berish nazariyasi (ing. nudge theory)ni qo‘llagan holda yechilishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda nazariyani qo‘llash usullari muhokama qilindi.

Mazkur nazariya amerikalik iqtisodchi Richard Taler va huquqshunos Kass Sansteynning 2008 yili chop etilgan «Nudge. Sog‘lig‘imiz, farovonligimiz va baxtimiz borasidagi qarorlarimizni qanday mukammallashtiramiz» kitobidan so‘ng ommalashdi. U shuningdek AQSH va Buyuk Britaniya tadbirkorlik va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanadigan siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ta’kidlash joizki, R. Taler avvalgi tadqiqotlarni umumlashtirib, nazariya yaratgani uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotga sazovor bo‘ldi.

Nazariyaning ahamiyatli jihati shundaki, u biror holatni taqiqlamaydi, aksincha, jamiyat uchun foydali narsani targ‘ib qiladi. Masalan, maktab oshxonasi peshtaxtasida bolalar salomatligi uchun foydali bo‘lgan mevalar, sabzavotli salatlar, sut-qatiq mahsulotlarni ularning ko‘zlari eng tushadigan joyga joylashtirish turtki berish deyiladi, gazli shirin ichimliklar, qovurilgan qarsildoq kartoshka, dudlangan kolbasa kabi zararli mahsulotlarni ta’qiqilash esa turtki berish sanalmaydi. Ya’ni bolalarda tanlash imkoniyati bo‘lgani holda, ularni foydali taomlarni iste’mol qilishga o‘zlariga sezdirmagan holda undab turiladi.

Turtki berish nazariyasi alohida shaxslar, guruhlar va tashkilotlar tomonidan qarorlarning qabul qilinishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan, «yumshoq» ko‘rsatmalar orqali ta’sir ko‘rsatish usulini o‘rganadi. Mazkur nazariya bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda Alisher Fayzullayev boshchiligida olib borilmoqda.

Tadbirda «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi mas’ullari chiqindilarni maxsus joylarga tashlash, ularni turlarga ajratish kabi muammolarni mazkur nazariya yordamida amalga oshirish mumkinligi haqida fikr berdi. Bu, o‘z navbatida, davra suhbati tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xuddi shunday, odamlarni ichimlik suvini tejashga turtki berish masalasi ham ko‘tarildi.

Adliya vazirligidan tashrif buyurgan ishtirokchi davlat organlari/muassasalarida korrupsiyani oldini olish masalasida turtki berish nazariyasini qo‘llash mumkinligini ma’lum qildi. Biroq bu sohada statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani va uni muayyan davlat idorasiga tatbiq etishga urinish noroziliklar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu bo‘yicha ishlarni boshqa sohalarda tadqiqot ishlari ijobiy natija bergach amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

Suhbat davomida rivojlanishga yo‘naltirilgan qarorlar hayotga tatbiq etilgunga qadar, dunyo voqeliklari o‘zgarib ketayotgani sababli jamiyat ro‘baro‘ kelayotgan ijtimoiy va ekologik muammolarni samarali hal etishning yangi vositalari va shakllarini izlab topish zaruriyati vujudga kelayotgani qayd etildi.