O‘zbekiston prezidentining kuyovi, davlat rahbari xavfsizlik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov avtomobil oynalarini qoraytirish mavzusida fikr bildirdi.

«Menga «Instagram"dagi sahifam orqali bahsli mavzu — tonirovka borasida juda ko‘p murojaat kelib tushmoqda», — deya yozdi bir kun avval avtomobil tezligini oshirib yuborganini tan olib, jarima to‘langani to‘g‘risidagi fotosuratni e’lon qilgan Otabek Umarov.

«Shu sababli va bu aktual mavzuning qisman xavfsizlik masalasi bilan bog‘liqligi uchun o‘z fikrimni bildirishga qaror qildim. Fikrimcha, tonirovka mavzusi O‘zbekiston sharoitida dolzarb va o‘rinli ko‘tarilgan. Chunki yurtimizda iqlim sharoiti yoz oylari, ayniqsa, chilla payti juda og‘ir bo‘ladi», — dedi u.

«Masalaning muhim ekanligini hamda Internet tarmoqlari orqali jamoatchilik, blogerlar va deputatlar murojaatlarini inobatga olib, biz mutasaddi davlat idoralariga bu masalani amaliyotga joriy qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdik. Hozirda tonirovka mavzusi boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib, har tomonlama ko‘rib chiqilmoqda», — deya o‘z fikrini davom ettirdi Otabek Umarov.

«Xavfsizlik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, shuni alohida aytmoqchimanki, bizda ushbu yo‘nalishda hamma zarur choralar ishlab chiqilgan va ijrosi ta’minlangan. Avtoulov tonirovkasi xavfsizlik masalalarini hal qilishda va ta’minlashda bizga to‘siq bo‘lolmaydi», — deb yozdi prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekistonda 2018 yil 1 avgustdan pulli asosda mashinalar oynalarini qoraytirib yurishga ruxsat berilgan edi. May oyida noqonuniy tonirovka uchun jarima miqdori EKIHning 1 baravaridan 25 baravariga qadar oshirildi.

«Axir biz ruxsatsiz oynalarni qoraytirib olgan haydovchining qayerda va nima ish bilan shug‘ullanayotganini bilmaymizku. Ko‘pchiligida boshqa maqsadlar bo‘lishi mumkin», — deya izoh bergan edi IIV YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ushbu qarorga izoh berar ekan.