2019 yil 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan videokonferensiya aloqasi orqali respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning qabuli o‘tkazilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul davomida bosh prokuror tomonidan 27 nafar jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining murojaati tinglangan.

Murojaatlarning 18 tasi sud masalalari, 3 tasi prokuratura ish yurituviga, 4 tasi ichki ishlar faoliyatiga oid, 2 tasi ijro masalasiga oid murojaatlarni tashkil etgan.

Shuningdek qabul jarayonida, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2019 yil 4 iyuldagi xatida ko‘rsatilgan 13 nafar ayollardan 10 nafari qabul qilingan.

Shu bilan birga, bosh prokuror qabuli o‘tkazilayotgan vaqtda qolgan 3 nafar ayol (Toshkent viloyatida yashovchi M.Akbarova, I.Soliyeva, R.Adilova) Bosh prokuror qabuli o‘tkaziladigan manzilga (Toshkent viloyat prokuraturasi) taklif etilgan bo‘lsada, belgilangan vaqtda ushbu manzilga kelmasdan, bir guruh shaxslar bilan birgalikda Bosh prokuratura binosi oldida bosh prokuror tomonidan fuqarolarning qabuli o‘tkazilmaganligi haqidagi asossiz vaj bilan norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazilgan.

Bosh prokuratura tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish hamda murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida ishlar davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.