O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 iyul kuni avtomobil sanoatini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorda 2019−2023 yillarda O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 350 ming donagacha oshirish;
  • yengil avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini o‘rta hisobda 60 foizgacha yetkazish;
  • yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 10 mingdonagacha oshirish;
  • avtomobillarning yillik eksport hajmini 100 ming donagacha yetkazish;
  • korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, shuningdek, «YeRP» avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy etish;
  • aholining keng qatlamlari uchun hamyonbop bo‘lgan yengil avtomobilning yangi zamonaviy modeli ishlab chiqarilishini nazarda tutgan holda avtomobillarning modellar qatorini yangilash;
  • «O‘zavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi kamida ikkita aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) orqali investorlarni jalb etish.

1 yanvargacha General Motors (AQSH) bilan yagona unifikatsiya qilingan bazada yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash hamda 2019−2023 yillarda eng kamida 700 mln dollar miqdoridagi sarmoyalarni ko‘zda tutuvchi manzilli dasturni ishlab chiqish topshirildi.

«O‘zavtosanoat» raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurovning ma’lum qilishicha, unifikatsiya qilingan platforma (uchta avtomobil uchun — tahr.) avtomobillar tannarxini 15−20 foizga tushirishga imkon beradi.

«Hozirda biz beshta turli modelni teshta turli platformalarda ishlab chiqarmoqdamiz. Bitta avtomobilda o‘rtacha 1000−1500 ta butlovchi qism bo‘ladi. Umumiy platformada esa butlovchi qismlar umumiy bo‘ladi. Shunday qilib, ishlab chiqarishda tannarxni 15−20 foizga tushirishga erishiladi. Bu bizga jozibador chakana narxlarga erishish hamda mahsulotlarimizga talabni oshirishimizga imkon beradi», — dedi u «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturiga.

Qarorda 2019 yil 1 oktyabrdan so‘ng tuziladigan shartnomalar bo‘yicha UzAuto Motors avtomobillariga aksiz solig‘i bekor qilinmoqda. Ushbu sanadan boshlab mahalliy avtomobillarni sotib olganlik uchun yig‘im avvalgidek IIBB organlarida emas, balki dilerlik tarmoqlarida mashina qiymati ichida to‘lanadi.