Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyul kuni «Turizm to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni imzoladi. Hujjat 16 aprel kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 21 iyunda Senat tomonidan ma’qullangan edi. Qonunning avvalgi tahriri 1999 yilda qabul qilingan bo‘lib, 22 moddadan iborat edi. Yangi tahrirda esa moddalar soni 45 taga yetkazilgan.

Qonunga «yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi», «mustaqil turizm» singari yangi tushunchalar kiritilgan, turizmning shakl va ko‘rinishlari keltirib o‘tilgan.

Hujjat asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash turizmni barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, turizm sohasi sub’ektlarining hamkorligini takomillashtirish maqsadida tuziladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga vakolatli davlat organi, manfaatdor davlat organlarining, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiradi.

Qonunga muvofiq, turoperatorlar va turagentlar turistik faoliyatni vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi.

Turoperatorlar va turagentlarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Bunda ekskursiya xizmatlari ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan tegishli sertifikat olinganidan keyin yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar sifatida yoxud yuridik shaxslar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida mustaqil ravishda xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Hujjat e’lon qilingan kundan uch oylik muddat o‘tishi bilan kuchga kiradi.