Havo haroratining keskin isib ketishi avtomobil yo‘llarida ham ehtiyotkorlikni talab qilmoqda. Shu bois, Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari yo‘llarda turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent viloyatini vodiy viloyatlari bilan bog‘lovchi «Qamchiq» dovonida joylashgan «Chinor», Bekobod yo‘nalishida joylashgan «Oybek» muntazam YPX maskanlari, Olmaliq — Ohangaron chorrahasi hamda M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Yangiyo‘l tumani hududida barcha zarur dori-darmon va kerakli jihozlar bilan ta’minlangan shifokorlar tez yordam mashinasi bilan navbatchilik qilmoqda. Tabiiyki, ularga YPX xodimlari doimiy ko‘mak berib turibdi.

YPX xodimlari haydovchilar bilan suhbat jarayonida yo‘lda harakatlanishda ob-havo sharoitini inobatga olish, zarurat bo‘lmaganda, kunning issiq vaqtida transport boshqarishdan tiyilish kabi tavsiyalar berib, agar fuqarolar o‘zlarini yomon his qilsa shifokorlar ko‘rigidan o‘tishi mumkinligini tushuntirmoqda.