Fides Solutions Jahon banki tomonidan kompaniya va uning direktori Ravshan Rizametovga nisbatan JB tomonidan moliyalashtiriluvchi loyihalar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishdan uch yil muddatga shartli ravishda chetlashtirish shaklidagi jazo choralari tayinlanganiga izoh berdi.

Fides Solutions va Ravshan Rizametov oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyiha doirasida bo‘lg‘usi shartnomaning imzolanishiga ta’sir ko‘rsatishga urinib, Jahon banki xodimiga qimmatbaho buyum (aniq ma’lum qilinmagan — tahr.) taklif qilgan holda korrupsion amaliyot bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda.

Jahon banki Fides Solutions va Ravshan Rizametov belgilangan muddatlarda vaziyat yuzasidan izoh va javob bermagani, shu bois jazo chorasi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, 17 iyuldan kuchga kirganini ma’lum qildi.

Fides Solutions kompaniya haqiqatdan ham Jahon banki loyihalaridan birining tenderida qatnashganini tan oldi.

«Hujjatlarni tayyorlash jarayonida biz hamkorlar bilan loyihadagi narxlar xilma-xilligini muhokama qildik. Bargacha ma’lumki, o‘z vaqtida xorijiy valyutalarning davlat kursi va bank (birja) kursi o‘rtasida katta farq bor edi. Shu bois to‘lov valyutasidan kelib chiqqan holda loyiha uchun ikki xil narx taklif qilindi. Afsuski, valyutalar kursi bilan bog‘liq bunday vaziyat chet ellik sarmoyadorlarga har doim ham tushunarli bo‘lavermaydi va narxlar o‘rtasidagi farq sababli tushunmovchilik kelib chiqdi», — deyiladi xabarda.

Kompaniyaning qayd etishicha, JBdan vaziyatga izoh berish bo‘yicha so‘rov kelib tushgan hamda «Rizametov R. Va Jahon banki xodimi o‘rtasidagi barcha aloqalar» taqdim etilgan.

«Jahon banki so‘roviga javob sifatida Rizametov R.dan tushuntirish olingan, unda JB xodimi bilan muloqot tafsilotlari keltirilgan. Izoh va tushuntirish xati JB bo‘limiga yuborilgan, biroq izohimizning ularga yetib bormagani kutilmagan holat bo‘ldi. Kompaniya direktori vaziyatni muhokama qilishdan manfaatdor va bu haqida JB tomonidan muhokama guruhiga ma’lum qilingan», — deyiladi Fides Solutions bayonotida.

Xabarda qayd etilishicha, oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, kompaniya pochta orqali JBdan sanksiyalar joriy etilgani ko‘rsatilgan ish materiallarini qabul qilib oldi. Fides Solutions bo‘lib o‘tgan hodisadan afsus bildirib, hozirda takroran ichki tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.