O‘zbekistonda 1 oktyabrdan trade-in dasturini ishga tushirish rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, mijozlar eski avtomobillarining ustiga pul qo‘shib, yangisiga almashtirishlari mumkin bo‘ladi. Bu prezidentning 18 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlanish bo‘yicha qo‘shicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi» qarorida ko‘zda tutilgan.

Trade-in dasturi ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini rasmiy dilerlik tashkilotiga xaridorlar tomonidan ilgari foydalanilgan o‘zlariga tegishli avtotransport vositalarini topshirish hamda ular qiymatidagi farqni to‘lash orqali mahalliy avtomobillarning yangisini xarid qilish imkonini berishni ko‘zda tutadi.

Trade-in dasturi doirasida rasmiy dilerlar tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi oldi-sotdi shartnomalariga nisbatan majburiy notarial rasmiylashtiruv tatbiq etilmaydi:

  • belgilangan shakldagi hisob-ma’lumotnomalarni xaridorga berish tartibini joriy etish orqali ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalariga;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchi zavodlarning rasmiy dilerlaridan sotib olingan yangi avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalariga.

Rasmiy dilerlik tashkiloti tomonidan ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun ularni Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yig‘im to‘lanmaydi.

Ichki ishlar vazirligiga avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy zavodlarning rasmiy dilerlarini trade-in dasturi doirasida sotib olingan ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotish uchun tegishli darajada himoyalangan hisob-ma’lumotnomalar blanklari bilan belgilangan tartibda ta’minlash topshirildi.

Hujjatga ko‘ra, rasmiy diler tomonidan jismoniy shaxslarning ilgari foydalanilgan avtotransport vositalarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini o‘z ichiga olgan sotilayotgan ob’ektning sotish narxi bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq soliqqa tortish bazasi bo‘lib hisoblanadi.

Dastur ishga tushirilishi to‘g‘risida iyun oyida «O‘zavtosanoat» kompaniyasining strategik rivojlantirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirov ma’lum qilgan edi.