17 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida 24 iyul kuni Toshkentdagi dastlabki IT-parkning ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki (IT-park) istiqbolli startap loyihalarni ishga tushirish va ularni bozorga olib chiqish maqsadida yaratilmoqda. IT-park bu — faol va iste’dodli insonlar buxgalteriya, yuridik, marketing va ilmiy-ta’limiy yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash orqali g‘oyalarini haqiqiy biznesga aylantirishlari uchun chinakam imkoniyatga ega bo‘ladigan maskan hisoblanadi. IT-park tarixi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi chog‘ida tomonlarning axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish borasida erishilgan kelishuvdan boshlanadi. Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 17-sonli «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov IT-park AKT sohasida o‘z mamlakatlarida yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlanishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Bugungi kunda IT-park hamkorlari quyidagilar hisoblanadi: «Software Technology Parks of India» (Nyu-Dehli), «Tech Nation» (London), «Astana Hub» Xalqaro IT-startaplar Texnoparki (Nur-Sulton), Yuqori texnologiyalar sohasidagi Texnopark «IT-parki» (Qozon), «Eksadel» MCHJ (Minsk), Yuqori texnologiyalar sohasidagi Texnopark «IT-parki» (Moskva).

Matbuot anjuman davomida dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direktori Farxod Ibragimov IT-parkning quyidagi yo‘nalishlardan iborat asosiy vazifalari to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

— Inkubatsiya dasturi — g‘oyani kerakli resurslar, qo‘llab-quvvatlash, tavsiyalarni ta’minlash orqali g‘oyani mahsulot ko‘rinishga yetkazish.

— Mavjud startaplarni masshtablashtirish va ularni xalqaro darajaga ko‘tarish.

— AKTni rivojlantirish Fondi va xususiy tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan maxsus fond orqali venchur moliyalashtirish.

— IT-laboratoriyalar va data-markazlarni o‘z ichiga olgan IT-Akademiya.

Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga arizalarni qabul qilish jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Qabul qilingan 103 nomzod orasidan 42 ta ariza akseleratsiya va 61 ta ariza inkubatsiya dasturiga topshirilgan. Ariza yo‘llaganlaring eng yoshi — 16 yosh, eng katta yoshli nomzod esa 67 yoshda. Foiz ko‘rsatkichida olinadigan bo‘lsa, ariza yuborganlarning 51% ni 16 dan

25 yoshgacha bo‘lganlar, 31% ni 26 dan 35 yoshgacha bo‘lganlar va 18% ni 36 hamda undan yuqori yoshdagilar tashkil qiladi. Kelib tushgan arizlar orasida quyidagi yo‘nalishlar yetakchilik qilmoqda: elektron tijorat 54%, onlayn ta’lim — 13% va IoT — 12%.

Shuningdek, matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 30 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5099-son farmoniga binoan

IT-park rezidentlari 2028 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga qadar quyidagilardan ozod etiladilar:

— barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburan ajratmalarni, shuningdek, yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan;

— belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);

— tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan tushgan tushumlar doirasida xorijiy mutaxassislarning chet el valyutasida naqd pulsiz shaklda ish xaqi xorijda ochilgan xalqaro to‘lov kartalariga to‘lashga ruxsat beriladi.

Mahalliy va xorijiy bozorlarda mahsulotlarni ilgari surish uchun boshqa imtiyozlar ham taqdim etiladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida Hindistondan tashrif buyurgan mehmon, janob Partasarati IT-parkka metodologik jihatdan amaliy yordam berish bo‘yicha chiqish bilan ishtirok etib, ushbu sohadagi Hindiston muvaffaqiyati (59 IT-parklar 4000 ta tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaydi) bilan tanishtirdi hamda O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishda rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Matbuot anjuman yakunida IT-park vakillari tomonidan jurnalistlarning park byudjeti, ishlarni tanlash mezonlari bo‘yicha savollar hamda parkni rivojlantirishga oid takliflariga javob berildi.